O‘zbekiston sanoatchilari forumi
Nashr etilgan: Se, 13/11/2007 - 00:00
“O‘zekspomarkaz” pavilyonlarida 12 noyabr kuni O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ochildi.
O‘zbekiston istiqlolga erishganidan keyin Prezident Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda mustaqillikni mustahkamlash va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Iqtisodiyotni isloh qilishda ishlab chiqarish va boshqaruvni bozor talablari asosida tubdan yangilashga, yuqori texnologiyaga asoslangan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, ishlab chiqarishning yangi turlarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sanoat haqida so‘z borar ekan, uning qaysi tarmog‘ida bo‘lishidan qat’i nazar, yakuniy mahsulot katta miqdordagi qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lishi g‘oyat muhim ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Masalan, paxta xomashyosi bilan paxtadan olingan tolaning narxi unchalik keskin farq qilmaydi, lekin paxta bilan gazlama yoki kiyim-kechak bahosi o‘rtasidagi nisbat anchayin katta miqdorni tashkil etadi. Armatura shaklida sotiladigan temir bilan yuqori texnologik ishlov berilgan butlovchi qismning bahosi o‘rtasidagi nisbat ham shunday.
O‘zbekistonda sanoat sohasidagi iqtisodiy islohotlar mahalliy va xorijiy sarmoyani jalb etib, ishlab chiqarishning yuqori texnologiyalarga asoslangan murakkab turlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Natijada so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’ati 7 foizdan yuqori bo‘lmoqda. Bu ko‘rsatkichga ayrim mamlakatlarda bo‘lgani kabi energiya manbalarini qazib olish va eksportga chiqarish hajmini oshirish hisobidan erishilayotgani yo‘q.
Korxonalar yangidan jihozlandi, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish ko‘paytirildi, eng muhimi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun qulay sarmoyaviy muhit va zarur huquqiy-me’yoriy zamin yaratildi. Pirovardida yalpi ichki mahsulotda sanoat mahsulotlarining ulushi 11 foizdan 24 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasiniki esa 18 foizdan 42 foizga o‘sdi. Yurtimizda ko‘p tarmoqli sanoat shakllanib bormoqda, murakkab texnologik uskunalarni boshqaradigan malakali kadrlar yetishib chiqmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari soni 21 mingdan oshadi.
Lekin bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini to‘la aks ettiradi, deb bo‘lmaydi. Mamlakatimizda ishlab chiqarishning yangi turlarini tashkil qilish va rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Moliyaviy resurslar, xomashyo, malakali kadrlar yetarli. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 22 iyundagi qaroriga binoan iqtisodiyotning jadal va barqaror rivojlanishini ta’minlash, tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi, samarali texnologiyalarni joriy qilish, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan unumli foydalanish va shuning asosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish, valuta mablag‘laridan tejamli foydalanish, yangi ish o‘rinlari ochish maqsadida 2006-2008 yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi qabul qilindi.
O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Shoismatov Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu sanoatchilar forumi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, valutani tejash, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi hissasini yanada ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil qilingan sanoat ko‘rgazmasi va kooperatsiya birjasi buyurtmalar majmuini shakllantirishning o‘ziga xos mexanizmlaridir. U tarmoqlararo ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, tarmoq ichidagi ishlab chiqarish aloqalarini mustahkamlash va yakuniy tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, yangi turdagi mahsulot yaratish uchun ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va bu jarayonni rag‘batlantirish, kichik biznes korxonalarini yirik biznes korxonalari uchun yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga jalb etish, mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlari negizida ilgari import qilib kelingan butlovchi qismlar, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston sanoatchilarining ushbu forumida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 224 korxona, jumladan, turli vazirlik, kompaniya va konsernlar tarkibiga kiruvchi 142 yirik ishlab chiqarish subyekti o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Bu yerda ilgari import qilingan va endilikda mahalliy xomashyo negizida o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar bilan tanishish, ularning savdosi bo‘yicha shartnomalar tuzish mumkin. Tadbirda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmagan korxona va tashkilotlar uchun maxsus sayt ochilgan bo‘lib, unda mahalliy tovarlar, mahalliy ishlab chiqarish subyektlarining ehtiyoj va talablari haqidagi barcha ma’lumotlar jamlangan.
Forum doirasida o‘ttizdan ziyod yetakchi korxonaning taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday tadbirlar tarmoqlararo va tarmoq ichidagi kooperatsiya bilan bog‘liq masalalar muhokamasi uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Shuningdek, kooperatsiya birjasi davomida mahalliy korxonalarga, jumladan, kichik biznes subyektlariga o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlar ro‘yxati taqdim qilinadi. Har bir ishtirokchi o‘zini qiziqtirgan tarmoq yuzasidan to‘la ma’lumot olishi, hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi, bitim va shartnomalar imzolashi mumkin.
Anjumanning birinchi kuni “O‘zavtosanoat” aksionerlik kompaniyasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” aksionerlik ishlab chiqarish birlashmasi va “O‘zbekiston qiyin eriydigan va o‘tga chidamli metallar kombinati” ochiq aksionerlik jamiyatining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Avtomobilsozlik O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan eng yangi sanoat tarmoqlaridan biridir. “GM O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi ishlab chiqarayotgan avtomobillar nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham juda xaridorgir. Samarqand avtomobil zavodida esa nafaqat avtobuslar, balki yuk, chiqit tashish mashinalari, ko‘tarma kranlar ham ishlab chiqarilmoqda.
Avtomobilsozlikda mahalliylashtirish jadal davom etayotir. “O‘zavtosanoat” tarkibida ochilgan yigirmaga yaqin korxonada akkumulator, oyna, o‘tirg‘ich, bamper, glushitel, yonilg‘i baki, ichki qoplama buyumlari, avtoemal, jgut kabi ko‘plab butlovchi qismlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
– Korxonamiz Asakadagi zavodga avtomobillarning ichki qoplama buyumlarini yetkazib beradi, – deydi “O‘zDongYAng” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasining texnika bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Saidov. – Bu mahsulot xomashyosi asosan xorijdan keltiriladi. Forumda ichki qoplama buyumlarini tayyorlashda o‘zimizda yetishtiriladigan kanopdan foydalanishga doir loyihani ilgari surmoqdamiz. Bu loyihani amalga oshirish importni kamaytirish, valutani tejash va ichki bozorni o‘z mahsulotlarimiz bilan ta’minlash imkonini beradi.
Qator korxonalar sanoat ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazmoqda.
– Uyushmamiz tarkibiga yurtimizdagi terini qayta ishlash, poyabzal ishlab chiqarish, charm attorligi va sun’iy charm tayyorlash sohasida faoliyat yuritayotgan ellikdan ziyod yirik korxona kiradi, – deydi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sharif Sheraliyev. – Avvallari mazkur korxonalar yiliga to‘rt milliard so‘mlik mahsulot import qilardi. Endilikda xorijdan keltiriladigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bunda tarmoqlararo hamkorlik muhim rol o‘ynamoqda. Misol tariqasida “O‘zkimyosanoat” davlat aksionerlik kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni aytish mumkin. Hozir uyushmamiz korxonalari mahalliy xomashyo negizida poyabzal, mebel, avtomobil va temir yo‘l vagonlari uchun sun’iy charm qoplamalar va butlovchi qismlar, poyabzal furniturasi va tagcharmlar, linoleumlar, avtomobil to‘shamalari, neft-gaz sohasi uchun izolatsiya plyonkalari, kimyo korxonalari uchun filtr-kartonlar, sport jihozlari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda. Bu yo‘nalishdagi import keskin kamayib, eksport hajmi oshayotgani mamlakatimizda sanoatning mazkur tarmog‘i izchil ravnaq topayotganidan dalolatdir.
Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi qatnashchilari bir hafta davomida bir-birining imkoniyatlari, talab va ehtiyojlari bilan tanishadi, hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi, savdo shartnomalari va sheriklik bitimlarini imzolaydi. Forumning birinchi kuni umumiy qiymati 111,6 milliard so‘mlik 62 shartnoma imzolandi.
Manba: www.uza.uz




