O‘zbekiston Respublikasi sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi

Nashr etilgan: Sha, 10/11/2007 - 20:31
Toshkentda 12-17 noyabr kunlari O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Zotan, ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushining o‘sishi va valuta resurslarini tejashga sabab bo‘ladi. Bu esa yurtimizda aholi bandligini oshirishga, davlat budjetining daromad manbalari kengayishiga va ijtimoiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida kooperatsion birja korxona va tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish mexanizmlaridan biri sanaladi. U tarmoqlararo va tarmoq ichidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish va aloqalarni mustahkamlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlari asosida mahalliy xomashyo bazasida import qilib kelingan butlovchi qismlar, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish kabi ko‘plab jihatlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining O‘zA muxbiriga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasida qirqqa yaqin idora va xo‘jalik birlashmasi, yuzdan ziyod tarmoq korxonasi va qariyb yetmishta hududiy korxonalar ishtirok etadi. Mamlakatimizda faoliyat yurituvchi xususiy biznes va tadbirkorlik subyektlari ham yarmarkada qatnashish istagini bildirgan. Iqtisodiyotimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladigan mazkur tadbirda ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etish bilan bir qatorda ishlab chiqaradigan mahsulotlari savdosi bo‘yicha bitimlar tuzish, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun talab qilinadigan mahalliy butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotlar savdosi bo‘yicha shartnomalar imzolash hamda o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Yurtimizda iqtisodiyotning jadal va barqaror rivojlanishini ta’minlash, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirish, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish, buning asosida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, valuta mablag‘laridan tejamli va oqilona foydalanish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 22 iyundagi “2006-2008 yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘layotir. Mazkur dasturni hayotga tadbiq etish import uchun valuta xarajatlarini qisqartirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va korxonalar o‘rtasidagi kooperatsion aloqalarni yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishning ulushini keskin oshirish imkonini beradi. Manba: www.uza.uz