Hamdo‘stlik: islohot – davr talabi

Nashr etilgan: Cho, 29/11/2006 - 00:00

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida ishtirok etdi. So‘nggi vaqtlarda MDHning taqdiri haqida turli fikrlar bildirilyapti. Ayrimlar uning parokanda bo‘lib borayotganidan tashvish cheksa, ba’zilar Hamdo‘stlik o‘z salohiyatini to‘la ishga solgani yo‘q, shunday qilsa, uning istiqboliga ishonch bilan qarash mumkin, degan fikrda. Shuning uchun ham Hamdo‘stlikni zamon talablari nuqtai nazaridan isloh qilish dolzarb bo‘lib turibdi. Tabiiyki, MDHga a’zo har bir davlat o‘z milliy manfaatlarini ko‘zlab ish tutadi, ko‘riladigan masalalarga shu nuqtai nazardan yondashadi. Bunday sharoitda barchaga birdek ma’qul bo‘ladigan qarorlarni qabul qilish oson emas, albatta. Lekin MDHning muhim hayotiy ahamiyatga molik jihatlarini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Masalan, transport kommunikatsiyalari, energetika tarmoqlari, savdo-sotiq a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. 21 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkil topganiga 15 yil to‘ladi. Lekin Minsk sammiti faqat yubiley munosabati bilan o‘tkazilgani yo‘q. Hamdo‘stlikni isloh qilish va uning samaradorligini oshirish masalasi anchadan buyon bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. E’tirof etish kerakki, MDH o‘tgan davrda muayyan muvaffaqiyatlar keltirdi. A’zo davlatlarning suvereniteti kafolatlanib, mustaqilligi mustahkamlandi, ko‘p tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy zamin yaratildi. Lekin, shu bilan birga, MDHni tuzish chog‘ida belgilangan ko‘plab maqsadlar hayotda o‘zining amaliy ifodasini topgani yo‘q. MDHga a’zo mamlakatlar rahbarlari 28 noyabr kuni Belarus Respublikasining Milliy kutubxonasi binosiga yig‘ildilar. Sammit qatnashchilari asosiy e’tiborni maxsus ekspertlar guruhi tayyorlagan MDH samaradorligini oshirish va Hamdo‘stlikni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risidagi hisobot muhokamasiga qaratdilar. Boshqacha aytganda, bu Hamdo‘stlikni isloh qilish to‘g‘risidagi hujjatdir. Prezidentlar turli yondashuvlarni ko‘rib chiqib, nuqtai nazarlarni o‘zaro muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, gumanitar va iqtisodiy sohadagi aloqalar, xavfsizlik hamda turli tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashdagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Davlat rahbarlari MDH mamlakatlarining gumanitar hamkorlik bo‘yicha kengashi to‘g‘risidagi bitim, noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni faollashtirish to‘g‘risidagi bayonot, Erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyatini ta’minlash va o‘zaro savdoda maxsus (himoya) choralarini qo‘llash mexanizmi to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi kabi qator hujjatlarning loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Davlat rahbarlari kengashiga MDH mamlakatlarining iqtisodiy sohadagi hamkorligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha 2003-2010 yillarga mo‘ljallangan dastur ijrosining borishi, Axborotlashtirish sohasidagi hamkorlik strategiyasi va 2010 yilgacha ushbu strategiyani hayotga tatbiq etish rejasi, Moskvadagi Butunrossiya ko‘rgazmalar markazi negizida Hamdo‘stlik mamlakatlarining doimiy ishlovchi ko‘rgazmalarini tashkil etish to‘g‘risida 2002 yil 7 oktabrda qabul qilingan qaror ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar taqdim etildi. Albatta, MDHning imkoniyatlari katta. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda Hamdo‘stlik mamlakatlari iqtisodiy o‘sish jarayonini boshdan kechirmoqda. Aholisi qariyb 300 millionni tashkil qiladigan ulkan mintaqani qamrovchi bu tuzilmaning jahon sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 10 foizni, tabiiy boyliklarning asosiy turlari zaxiralari bo‘yicha 25 foizni tashkil qiladi. Bu omillar hamkorlik uchun yaxshi zamin bo‘lib, undan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilsa, Hamdo‘stlikning salohiyati yanada oshadi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning MDH doirasida Erkin savdo zonasi barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelishi ham shundan. Zero, mustahkam iqtisodiy hamkorlik negiziga qurilgan aloqalar davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bunday munosabatlar o‘zaro manfaatdorlikka asoslangani bois a’zo davlatlar uchun yuzaga keladigan muammolarni hamjihatlik bilan yechish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, Hamdo‘stlik mamlakatlari hamfikr bo‘lgan jihatlar ham oz emas. Minsk sammitida jinoiy yo‘llar bilan orttirilgan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi shartnoma, odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha MDH mamlakatlarining 2007-2010 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi kabi o‘ndan ziyod hujjat imzolandi. Shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi, Hamdo‘stlikning Aksilterror markazi va Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashi to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaror qilindi. Sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan jurnalistlarga batafsil axborot berildi. Minskka tashrifi chog‘ida Prezident Islom Karimov o‘zi joylashgan qarorgohda Ukraina Prezidenti Viktor Yushchenko bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqbollariga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar muhokama qilindi.

Manba: www.uza.uz