O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot Vazirligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida" 22.01.2003 yildagi №37-sonli qarori
Nashr etilgan: Pay, 10/04/2008 - 19:39
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risida" 2002 yil 24 dekabrdagi PF-3183-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda uning markaziy apparati tuzilmasi 1 va 1а-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi markaziy apparati shtatdagi xodimlarining cheklangan soni 150 nafar (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida vazirning bir nafar birinchi o‘rinbosari, vazirning uch nafar o‘rinbosari hamda shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan to‘qqiz kishidan iborat Hay’at bo‘lishiga ruxsat etilsin.
- Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari maqomiga ko‘ra vazirga, vazir o‘rinbosarlari esa vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriga shtatdagi xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida vazirlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
- Quyidagilar:
- viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 2 va 2а-ilovalarga muvofiq, shahar, tuman iqtisodiyot bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
- ko‘rsatib o‘tilgan hududiy iqtisodiyot organlari xodimlarining cheklangan soni 4-ilovaga muvofiq;
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi to‘g‘risidagi Nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilab qo‘yilsinki:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi;
- viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi;
- tuman va shahar iqtisodiyot bo‘limlari boshliqlari tuman va shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda bosh boshqarmalar, shahar va tuman iqtisodiyot bo‘limlari to‘g‘risidagi Namunaviy nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
- Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarining markaziy iqtisodiy organlar, vazirliklar, idoralar, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi xodimlarini rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlikka byudjetdan tashqari Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etish huquqi berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriga, hududiy Iqtisodiyot bosh boshqarmalari boshliqlariga xodimlarning yuqori malakasi va muayyan xizmat muddati uchun ularga ustama belgilashiga ruxsat berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining byudjetdan tashqari Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari yuqori malakasi va muayyan xizmat muddati uchun ko‘rsatib o‘tilgan ustamalar manbai etib belgilansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi bir oy muddatda Iqtisodiyot vazirligining byudjetdan tashqari Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda yuqori malaka va muayyan xizmat muddati uchun ustamalar belgilash to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
- Quyidagilar:
- Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda unga qarashli tashkilotlar egallab turgan xizmat binolari, shuningdek belgilangan texnik xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va unga qarashli tashkilotlar ixtiyorida qoldirilsin;
- Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi xodimlari uchun belgilangan moddiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi xodimlari uchun saqlab qolinsin.
- Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi shartnomalar va majburiyatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining huquqiy vorisi hisoblanadi.
- Quyidagilar:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida" 1997 yil 22 maydagi 253-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1997 y., 5-son, 18-modda);
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida" 1997 yil 11 oktyabrdagi 474-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1997 y., 11-12-son, 37-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.Karimov




